«Shawshank Redemption»ni ko'rdim: "zerikarli" deb o'ylab, oshiq bo'lib chiqdim
Ishxonada kod yozib o'tirib bir vaqtning o'zida kino ko'rish va unga e'tibor qilish men uchun odatda qiyin narsa. Avval ham sinab ko'rganman, lekin baribir qandaydir zerikish va qiynalish hissi sezilgan. Ya'ni bir vaqtning o'zida miya ikki xil protsessni boshqarishi qiyin bo'lar ekan.
Qisqasi, bugun «Shawshank Redemption» — 1994-chi yilda suratga olingan, ishlab chiqarilganiga uzoq vaqt bo'lsa ham IMDB'da yuqori ko'rishlar soni va yuqori reytingda turgan kino — meni qiziqtirib qo'ydi. Sababi bitta savol edi:
Nega bu eski kino hali ham topda?
Aynan shu savol mening bu filmga bo'lgan qiziqishimni oshirdi. Va nihoyat kinoni ko'rishni boshladim. Avvaliga uning janri menga yoqmadi — na qiziqarli, na action sahnalariga boy. Men o'zimni qandaydir falsafiy, miyani qiynaydigan yoki juda zerikarli bir kinoni boshlab qo'ydim deb o'yladim. Lekin kinoning har bir daqiqasi o'tib borgani sari men ishimdan ko'ra kinoga ko'proq e'tibor berishga majbur bo'ldim. Kino boshida sokin boshlanib, keyin hech qanday sakrashlarsiz, tekis chiziq bilan o'sib bordi. Har daqiqada qandaydir qiziqarli, tushunarsiz, lekin odatiy voqealar sodir bo'laverdi — bu men uchun "keyin nima bo'ladi?" degan savollarni uyg'otishni boshladi.

Kinoning boshlanishi
Kino boshida Andy ismli bir bank xodimi (adashmasam, qandaydir boshqaruvchi lavozimida) — uning xotini va xotinining o'ynashini otib o'ldirib ketishdi. Undan keyin sud jarayonida bu jinoyat uchun Andy'ning o'zini aybdor deb topishdi, chunki barcha dalillar jinoyatchi Andy ekanini ko'rsatayotgan edi. Tomoshabin sifatida men ham uning bu jinoyatni sodir etganiga ishondim. Sud unga har bir o'ldirgan odami uchun butun umrga qamoq jazosi berdi, ya'ni 2 umrga qamaldi (juda qiziq qaror bo'ldi).
Undan so'ng u qamaldi. Qamoqxonada unga turli xil bosimlar, kamsitishlar va zo'ravonliklar bo'ldi. Andy o'zining xarakteri bilan boshqa mahbuslardan ajralib turardi, chunki u haqiqiy jinoyatchi emas edi va undan tashqari madaniyatli inson edi. U sekin-sekin atrofidagilar bilan tanisha, yaqinlasha boshladi.
Red va o'sha kichkina bolg'acha
Birinchi bo'lib u Red laqabli mahbus bilan tanishdi. Bu Red laqabli odam qamoqxonaga kontrabanda yo'li bilan turli xil buyumlarni olib kira olardi. Ular tanishganidan keyin Andy Red'dan shaxmat toshlarini yasash uchun bolg'acha keltirib berishini iltimos qildi. Red bolg'acha narxiga o'zining xizmat haqqini ham qo'shib so'radi va oxirida tashqaridan keladigan yuklar ichida bolg'achani qamoqxona hududiga olib keldi.
Red o'sha bolg'achani qo'liga olib ko'rganda kulib yubordi, sababi u juda kichkina edi. U o'ziga-o'zi o'ylagandi:
"Bunaqa kichkina narsa bilan devorni teshib qochmoqchi bo'lsa, odamga 600 yil kerak bo'ladi."
Ya'ni hech kim — men ham — bu bolg'achani biror jiddiy narsaga ishlatish mumkin deb o'ylamadi. Andy esa bu bolg'acha bilan toshlardan shaxmat donalarini yasay boshladi va toshlarni yig'ish uning xobbisiga aylandi.
Vaqt o'tib, Andyning bank sohasidagi bilimlari qamoqxona nazoratchilarining, keyin esa qamoqxona boshlig'ining ham e'tiborini tortdi. Bir epizod menga juda yoqdi: mahbuslar tomda ishlab o'tirishganda, Andy nazoratchi boshlig'iga soliq masalasida maslahat berdi va buning evaziga hamma mahbuslarga sovuq pivo olib berishga erishdi. Ular tomda quyosh ostida pivo ichib o'tirishdi, xuddi erkin odamlardek, Andy esa bir chetda jilmayib ularni kuzatib o'tirdi.
Shundan keyin Andy qamoqxona kutubxonasida ishlay boshladi va uni rivojlantirish uchun davlatga yillab xat yozib yurdi. Bir tomondan esa u qamoqxona boshlig'i Nortonning iflos pullarini "yuvib", qonuniy pulga aylantirib berardi. Mana bu yeri qiziq: Norton tashqaridan tinmay Injil va e'tiqod haqida gapiradigan "taqvodor" odam edi, lekin aslida oddiy korrupsioner va firibgar bo'lib chiqdi. Ya'ni eng dindor ko'ringan odam eng tuban chiqdi.
⚠️ Spoiler: filmning burilish nuqtasi
Filmning o'rtalarida Brooks degan keksa mahbus bor edi — qamoqxonada qariyb 50 yil o'tirgan chol. Unga nihoyat ozodlik berishganda u quvonmadi, aksincha qo'rqib ketdi. Chunki 50 yil ichida qamoqxona uning butun dunyosiga aylanib bo'lgan, tashqarida esa u hech kimga keraksiz, yolg'iz odam edi. Oxir-oqibat u tashqi hayotga moslasha olmay o'z joniga qasd qildi va ketishidan oldin devorga "Brooks was here" ("Bu yerda Brooks bo'lgan") deb o'yib yozib ketdi. Bu sahna meni rostdan ta'sirlantirdi.
Keyinroq Red buni "institutsionalizatsiya" deb tushuntiradi — bu devorlardan avval nafratlanasan, keyin ko'nikasan, yetarlicha vaqt o'tsa ularsiz yashay ham olmay qolasan.
Keyin qamoqxonaga Tommy degan yosh bola keldi va Andy unga o'qishni o'rgata boshladi. Mana shu yerda filmdagi eng katta burilish bo'ldi: Tommy bir kuni aytib qoldiki, u boshqa qamoqxonada o'tirganida Andyning xotini va uning o'ynashini o'ldirgan haqiqiy qotil bilan tanish bo'lgan ekan. Ya'ni Andy haqiqatan ham begunoh edi! Men buni bilib hayron qoldim, "ana endi Andy ozod bo'ladi" deb xursand bo'ldim.
Lekin hammasi men kutgancha bo'lmadi. Andy bu gapni Nortonga aytganda, Norton uni ozod qilishni umuman xohlamadi. Sababi oddiy edi — Andy uning barcha iflos pul ishlarini biladi va o'zi boshqaradi. Agar Andy chiqib ketsa, Norton ham pulidan ayriladi, ham fosh bo'lib qoladi. Shuning uchun Norton avval Andyni karserga (yakka kameraga) tashladi, keyin esa eng dahshatlisini qildi: yagona guvoh Tommyni "qochmoqchi bo'ldi" degan yolg'on bahona bilan otib o'ldirtirdi. Aslida bu sof qotillik edi — mana shu yerda men Nortondan juda nafratlandim.
Andyning siri
Tommy o'ldirilganidan keyin Andy o'zgardi. U Redga g'alati gaplarni aytdi — Buxton degan joydagi bir daraxt tagida qora tosh borligini, agar Red qachondir ozodlikka chiqsa, o'sha yerga borishini so'radi. Men buni o'sha paytda tushunmadim, Andy taslim bo'lyaptimi deb o'ylab qoldim.
Lekin bir kuni ertalab uning kamerasi bo'sh chiqdi! Ma'lum bo'lishicha, Andy o'sha kichkina bolg'acha bilan 19 yil davomida devorni teshib, kamerasidagi Rita Hayworth posteri ortida tunnel qazigan ekan. Ya'ni Red 600 yil deb o'ylagan ishni Andy 19 yilda uddalagan. U tunnel orqali, undan keyin esa juda uzun va iflos kanalizatsiya trubasi ichidan sudralib chiqib qochib ketdi. Bu burilishni ko'rganimda rostdan hayratda qoldim — hammasi shu darajada puxta o'ylangan ekanki, aql bovar qilmaydi.
Qochganidan keyin Andy soxta hujjatlar bilan banklarga borib, Nortonning butun pulini o'zi yechib oldi va uning korrupsiyasi haqidagi dalillarni gazetaga jo'natdi. Norton fosh bo'lib, politsiya uni hibsga olgani kelganda, u o'z joniga qasd qildi. Ya'ni o'zi qilgan gunohlari uchun adolat oldida javob berishni xohlamadi.
Xulosa va Red'ning ozodligi
Oxir-oqibat Red ham ozodlikka chiqdi. U ham xuddi Brooksdek tashqi hayotga qiynalib moslashdi, hatto bir payt Brooksning yo'lidan ketishiga sal qoldi. Lekin u Andyning gaplarini esladi va Buxtonga bordi. O'sha daraxt tagidagi qora tosh ostidan bir temir quti topdi — ichida pul va Andyning xati bor edi. Andy uni Zihuatanejoga, o'z oldiga chaqirgan ekan. Filmning oxirida Red avtobusda Meksika tomon yo'l oldi va o'sha quyoshli sohilda Andyni topdi. Ikki do'st yana uchrashdi. Mana shu yakun butun sabringga arziydi.
Nega bu film hali ham topda?
Boshida men bu kinoni zerikarli, action yo'q, sokin va falsafiy bir narsa deb o'ylab boshlagandim. Hatto ish bilan kino ko'rishni birga olib bormoqchi edim, lekin film shunchalik o'ziga tortdiki, oxirida men ishni emas, kinoni tanladim).
Va nihoyat boshida bergan savolimga — "nega bu eski kino hali ham IMDB'da topda turadi?" — javob topdim. Sababi bu filmning kuchi action yoki effektlarda emas, balki har bir mayda detalida ekan. Boshda oddiy ko'ringan narsalar — bolg'acha, Injil, geologiya, qora tosh, hatto Brooksning yozuvi — oxirida hammasi bir-biriga ulanib, yagona kuchli ma'noga aylanadi. Bu filmda hech narsa bekorga aytilmaydi.
Va eng asosiy g'oya — umid. Andy butun film davomida umidini yo'qotmadi va aynan o'sha umid uni ozodlikka olib chiqdi.
Agar sen ham hali bu kinoni ko'rmagan bo'lsang, men uni senga albatta tavsiya qilaman. Faqat bir maslahat — sabr qil. Film sekin boshlanadi, lekin oxirigacha ko'rsang, nega bu durdona asar ekanini o'zing his qilasan.